O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuni, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonuni, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.06.2016 yildagi 185-sonli Qarori va boshqa amaldagi qonunchilik xujjatlariga amal qilib,
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan jismoniy va yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda “Foydalanuvchi” deb yuritiladi) o‘rtasidagi debitor va kreditor qarzdorliklar bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish, qarzdorliklar hisobini yuritish hamda Foydalanuvchilar tomonidan rasmiylashtirilgan qarzdorliklar bo‘yicha hujjatlarning saqlanishi va taqdim etilishini ta’minlash uchun sharoitlar yaratish maqsadida,
“ZEROX” MCHJ keyingi o‘rinlarda “Jamiyat” deb yuritiladi) nomidan harakat qiluvchi Jamiyat rahbari Jabborov Rashid Kuramboyevich Jamiyat tomonidan yaratilgan “ZeroX” tizimi (keyingi o‘rinlarda “Tizim” deb yuritiladi) dan foydalanish to‘g‘risidagi mazkur ommaviy oferta (taklif) (keyingi o‘rinlarda “Oferta” deb yuritiladi) ni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 370-moddasiga ko‘ra Ofyertani to‘liq (biror-bir shartlarsiz, istisnolarsiz va pisandasiz) akseptlash yo‘li bilan qabul qilgan (akseptlagan) har qanday muomalaga layoqatli rezident jismoniy va yuridik shaxsga yo‘llaydi.
1. Atama va tushunchalar
-
1.1. Mazkur Ofertani bir xilda talqin qilish maqsadida atamalar quyidagi mazmunda foydalaniladi:
Amaldagi qonunchilik – O‘zbekiston Respublikasining amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlari;
Tizim – ZEROX” MCHJ tomonidan yaratilgan, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi debitor va kreditor qarzdorliklar bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish va qarzdorliklar hisobini yuritishda foydalaniladigan www.zerox.uz internet sayti hamda mobil ilovalar;
Foydalanuvchi – “ZeroX” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan jismoniy va yuridik shaxslar;
Rezident – muayyan mamlakatda milliy qonunchilikka to‘la rioya qiluvchi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Yuridik shaxs – тturli mulkchilikka asoslangan, mustaqil ish yurituvchi, qonunga ko‘ra fuqarolik huquqlari va majburiyatlari sub’yekti bo‘lgan korxona, tashkilot, muassasa;
Jismoniy shaxs – uquqiy munosabatlarning ishtirokchisi bo‘lgan alohida fuqaro (chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar);
Debitor qarzdorlik – yuridik yoki jismoniy shaxslar boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan o‘zaro xo‘jalik munosabatlari natijasida ulardan olishi lozim bo‘lgan qarz summasi;
Kreditor qarzdorlik – yuridik yoki jismoniy shaxslar boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan o‘zaro xo‘jalik munosabatlari natijasida ularga berishi lozim bo‘lgan qarz summasi;
Oferta – bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq bo‘lgan va taklifni kiritgan shaxsning o‘zini taklif yo‘llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif;
Aksept – Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi;
Shaxsiy kabinet – “ZeroX” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va shaxsi identifikatsiya qilingan Foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan bo‘lim;
Parol – Foydalanuvchi tomonidan “ZeroX” tizimida ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yaratiladigan va Tizimga kirishda foydalaniladigan bir necha harf, raqam yoki turli xil belgilardan tashkil topgan ketma-ketlik;
Pin-kod – Foydalanuvchi tomonidan “ZeroX” tizimining mobil ilovalaridan foydalanish uchun yaratiladigan maxfiy raqamlar ketma-ketligi;
Mobil hisob – Foydalanuvchi «ZeroX” tizimida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng uning nomiga avtomat ravishda ochiladigan va Tizimdan foydalanish jarayonida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun hisob-kitob qilinadigan elektron hisob;
“MyID” identifikatsiya tizimi – “UZINFOCOM Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJ tomonidan yaratilgan jismoniy shaxslarni masofaviy tarzda identifikatsiya qiluvchi biometrik identifikatsiya axborot tizimi;
“E-imzo” identifikatsiya tizimi – jismoniy va yuridik shaxslarni elektron raqamli imzo yordamida masofaviy tarzda identifikatsiya qiluvchi axborot tizimi;
Elektron raqamli imzo – davlat idoralari bilan o‘zaro munosabatni o‘rnatishda jismoniy yoki yuridik shaxsga elektron xatti-harakatlarini tasdiqlash uchun zarur bo‘ladigan, mas’ul davlat organi tomonidan taqdim etilgan, elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;
Mobil telefon raqami – Tizimda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida Foydalanuvchi tomonidan ko‘rsatilgan, Tizim ma’lumotlar bazasida ro‘yxatga olingan mobil aloqa telefon raqami. Ushbu Oferta doirasida Foydalanuvchida bir vaqtning o‘zida faqatgina bitta mobil aloqa telefon raqami bo‘lishi mumkin;
Tekshiruv kodi – Jamiyat tomonidan hosil qilinadigan hamda Foydalanuvchining mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma ko‘rinishida yuboriladigan maxsus bir martalik o‘zgaruvchan kod. Foydalanuvchining tekshiruv kodidan foydalangan holda amalga oshirgan barcha harakatlari yuzasidan nizolashishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda Foydalanuvchi tomonidan shaxsan amalga oshirilgan deb tan olinadi va Foydalanuvchi uchun amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq o‘z qo‘li bilan qo‘yilgan imzodan foydalanganda kelib chiqadigan yuridik oqibatlardagi kabi yuridik oqibatlar tug‘diradi;
QR-kod – «ZeroX» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va shaxsi identifikatsiya qilingan Foydalanuvchi nomiga Tizim tomonidan avtomat ravishda yaratiladigan va Foydalanuvchi Tizim funksiyalarida foydalanadigan ikki o‘lchamli shtrix kod;
Komissiya – Foydalanuvchi «ZeroX» tizimi funksiyalaridan foydalanishi davomida Tizim tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun belgilangan tariflarga asoslanib undiriladigan haq;
Tarif – turli ishlab chiqarish va noishlab chiqarish xizmatlari uchun to‘lov stavkalari (haqlari) tizimi;
Uchinchi shaxslar – amaldagi qonunchilik va Oferta boshqa narsani nazarda tutmagan bo‘lsa, Jamiyat va Foydalanuvchidan tashqari barcha boshqa shaxslar;
Taraf – Jamiyat yoki Foydalanuvchi hisoblanadi. Har ikki Taraf birgalikda nazarda tutiladigan holatlarda Taraflar atamasi qo‘llaniladi;
Status – Foydalanuvchi «ZeroX» tizimidan foydalanishi davomida Foydalanuvchining debitor va kreditor qarzdorliklari, muddati buzilgan qarzdorliklar, qarzlarning o‘z vaqtida qaytarilishi yoki umuman qaytarilmasligi va boshqa holatlarni hisobga olgan holda Tizim tomonidan avtomat ravishda baholanadigan Foydalanuvchining qarzdorlik holati;
Fors-major – bu Taraflarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar bo‘yicha Taraflarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlar.
-
1.2. Oferta matnida atamaning aniq talqini bo‘lmaganda, birinchi navbatda, atamaning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, ikkinchi navbatda, Tizimning saytida, shundan keyin, umumfoydalaniladigan talqiniga amal qilish lozim.
2. Ommaviy oferta predmeti
-
2.1. Foydalanuvchining O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 370-moddasi tartibida Oferta amaldagi tahririga Foydalanuvchi sifatida to‘liq (biror-bir shartlarsiz, istisnolarsiz va pisandasiz) qo‘shilishi Oferta predmetini tashkil etadi;
-
2.2. Jamiyat mazkur Ofertaga asosan Foydalanuvchining jismoniy va yuridik shaxslar bilan naqd, naqdsiz va natura shaklda amalga oshirgan qarz munosabatlari bo‘yicha elektron shartnoma rasmiylashtirilishini, Foydalanuvchilarning debitor va kreditor qarzdorliklari, qarzlarning miqdori, muddati va qarz shartnomalariga oid boshqa ma’lumotlarning elektron shaklda tasdiqlangan holda saqlanishini hamda Foydalanuvchilarning so‘rovlariga binoan Taraflarning ruxsati asosida ushbu ma’lumotlarning elektron tarzda Tizim orqali taqdim etilishini ta’minlash majburiyatini oladi
-
2.3. Jismoniy shaxslar Tizimda “MyID” identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida jismoniy shaxslar tomonidan kiritilgan va “MyID” identifikatsiya tizimi orqali Tizimga yuklangan shaxsiy ma’lumotlar orqali identifikatsiya qilinadi va mazkur ma’lumotlar ularning o‘zi tomonidan boshqariladi. Jamiyat “MyID” identifikatsiya tizimi tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish jarayoniga aralashmaydi va taqdim etilgan ma’lumotlarni boricha qabul qiladi. Jismoniy shaxslar yoki “MyID” identifikatsiya tizimi tomonidan Foydalanuvchi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan holatda Jamiyat hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi;
-
2.4. Yuridik shaxslar Tizimda “E-imzo” identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuridik shaxslar tomonidan kiritilgan elektron raqamli imzo hamda E-imzo identifikatsiya tizimi orqali Tizimga yuklangan shaxsiy ma’lumotlar asosida identifikatsiya qilinadi va mazkur ma’lumotlar ularning o‘zi tomonidan boshqariladi. Jamiyat “E-imzo” identifikatsiya tizimi tomonidan yuridik shaxslarni identifikatsiya qilish jarayoniga aralashmaydi va taqdim etilgan ma’lumotlarni boricha qabul qiladi. Yuridik shaxslar yoki “E-imzo” identifikatsiya tizimi tomonidan Foydalanuvchi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan holatda Jamiyat hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi;
-
2.5. Foydalanuvchi Tizimdan www.zerox.uz sayti yoki «ZeroX» mobil ilovasi orqali foydalanishi mumkin. Jamiyat sayt va mobil ilovadagi ma’lumotlarning bir-biridan farq qilmasligini ta’minlaydi;
-
2.6. Tizim Jamiyat mulki hisoblanadi;
-
2.7. Jamiyat tariflari Jamiyatning internet tarmog‘idagi www.zerox.uz manzilida joylashgan sayti va mobil ilovasida e’lon qilinadi.
3. Ommaviy ofertani aksept (qabul) qilish
-
3.1. Ushbu Oferta matnining O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga asosan Jamiyatning Internet tarmog‘idagi www.zerox.uz saytida chop etilishi (joylashtirilishi) uni mazkur Oferta kirish qismida ko‘rsatilgan noma’lum jismoniy va yuridik shaxslarga akseptlash (Oferta shartlariga qo‘shilish) uchun yo‘llangan ommaviy taklif (oferta) hisoblanadi;
-
3.2. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq Taraflar Foydalanuvchining mobil ilova va saytdagi Tasdiqlash sahifasida tegishli harakatlarni amalga oshirish faktini ushbu Oferta shartlarining so‘zsiz qabul qilinishi (aksept) deb tan oladilar;
-
3.3. Aksept amalga oshirilganidan so‘ng Foydalanuvchi quyidagilarni tasdiqlagan hisoblanadi:
- ushbu Oferta shartlari va Tariflari bilan to‘liq tanishganligini va ular qanday bayon qilingan bo‘lsa, shundayligicha, hech qanday shartsiz, istisnolarsiz va pisandasiz qabul qilganligini;
- ushbu Ofertani imzolash hamda uning shartlariga rozi ekanligini, ularning mazmuni va ushbu Oferta tuzilishi munosabati bilan Foydalanuvchi uchun kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yuridik oqibatlar to‘liq tushunarli ekanligini;
- huquq layoqatini, muomala layoqatini va o‘zining Jamiyat bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishishga bo‘lgan qonuniy huquqlarini tasdiqlaganligini;
- tizimda ro‘yxatdan o‘tishda ishonchli, haqiqiy va to‘liq ma’lumotlarni ko‘rsatganligini;
- taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, Jamiyat tomonidan Oferta va tariflarga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar kiritish tartibi bilan to‘liq tanishganligini;
- parol, PIN-kod va tekshiruv kodini kiritish bilan bog‘liq barcha harakatlar, shuningdek, Tizimning internet sayti va mobil ilovalarida amalga oshiriladigan barcha harakatlar Foydalanuvchi tomonidan shaxsan amalga oshirilishini, shuningdek Oferta muvofiq foydalaniladigan kirish vositalari va tekshirish kodlari Foydalanuvchining Tizimdagi faoliyatini boshqarish uchun yetarli vositalar hisoblanishini;
- telefon raqami yo‘qolib qolganda yoki almashtirilganda yangi telefon raqami, shuningdek boshqa shaxsiy ma’lumotlarning o‘zgarishi to‘g‘risida Jamiyatga xabar berish zarurligidan xabardorligini;
-
3.4. Taraflar O‘zbekiston Respublikasining elektron hujjat aylanishi to‘g‘risidagi qonunchiligiga amal qilib, aksept qilingan mazkur Ofertaga rozi ekanliklarini va uni qog‘oz shaklidagi shartnomaga tenglashtirishlarini hamda u bilan bir xil yuridik kuchga egaligini tasdiqlaydilar;
-
3.5. Oferta, shuningdek, Tizimda shakllantiriladigan hujjatlar to‘liq yuridik kuchga ega bo‘lib, ularga muhr bosilishini va/yoki Taraflar tomonidan bevosita imzo qo‘yilishini talab qilmaydi;
-
3.6. Foydalanuvchi ushbu Oferta shartlariga rozi bo‘lmagan taqdirda, undan Ofertani akseptlamaslik (tasdiqlamaslik) so‘raladi.
4. Taraflarning majburiyatlari
4.1. Foydalanuvchining majburiyatlari
-
4.1.1. Tizimda ro‘yxatdan o‘tish va ushbu jarayonda talab qilinadigan shaxsiy ma’lumotlarni Tizimga to‘g‘ri kiritish;
-
4.1.2. Yuridik va jismoniy shaxslar bilan qarz shartnomalarini rasmiylashtirish jarayonida barcha ma’lumotlarning haqqoniy kiritilishini ta’minlash;
-
4.1.3. Tizimdan foydalanish uchun zarur hollarda talab qilinadigan hujjatlarni Jamiyatga taqdim etish;
-
4.1.4. Tizimda amaliyotlarni amalga oshirish davomida Tizimdagi uzilishlar yoki texnik nosozliklar natijasida noaniqliklar yuzaga kelgan taqdirda zudlik bilan Tizimning “Qo‘llab-quvvatlash bo‘limi” yoki elektron pochta orqali xabar berish;
-
4.1.5. Shaxsiy kabinetida ko‘rsatilgan ma’lumotlardagi har qanday sezilarli o‘zgarishlar haqida darhol elektron yoki yozma tarzda Jamiyatni xabardor qilish;
-
4.1.6. Tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun SMS-xabar orqali yuboriladigan tekshiruv kodlarini, shuningdek, Foydalanuvchining o‘zi tomonidan yaratiladigan parol va PIN-kodlarni boshqa shaxslarga oshkor qilmaslik;
-
4.1.7. Parol va/yoki PIN-kodni unutib qo‘yganida, ularni qayta tiklash uchun Tizimda belgilangan tegishli amallarni bajarish (MyID identifikatsiya tizimi orqali qayta identifikatsiyadan o‘tish), zarur hollarda Tizim ma’muriyatiga murojaat qilish;
-
4.1.8. Telefon raqami almashtirilganda, yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda 1 (bir) kun mobaynida yangi telefon raqamini Tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish;
-
4.1.9. Familiya, ism, otasining ismi, yashash joyi va boshqa shaxsiy ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda Jamiyatni Tizimdagi “Qo‘llab-quvvatlash bo‘limi” yoki elektron pochta orqali ogohlantirish;
-
4.1.10. Mobil aloqa yoki internet tarmog‘i orqali Tizim amaliyotlarini boshqa shaxslar ishtirokisiz yoki kuzatuvisiz amalga oshirish;
-
4.1.11. Oferta shartnomasi va uning shartlarini buzmaslik;
-
4.1.12. Qarz shartnomasida belgilangan qarz munosabatlariga oid ma’lumotlarning Ofertaning 4.2.5-bandiga muvofiq uchinchi shaxslarga berilishiga rozilik bildirish;
-
4.1.13. O‘z nomidan uchinchi shaxslarga Tizimdan foydalanish huquqini bermaslik;
-
4.1.14. Tizimdan foydalanish jarayonida Tizim xizmatlaridan foydalanilganlik uchun Jamiyatga Komissiya (xizmat haqi) to‘lash;
-
4.1.15. Oferta bilan to‘liq tanishib chiqish va Oferta elektron tarzda tasdiqlanganidan so‘ng uni yozma ravishda tuzilgan shartnoma bilan teng kuchga ega ekanligini tan olish;
-
4.1.16. Tizimning boshqa Foydalanuvchilari so‘roviga asosan ularga Foydalanuvchining qarz munosabatlari to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘ri ekanligini tan olish;
-
4.1.17. Tizim orqali qarz shartnomalari va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida hamda boshqa hollarda Foydalanuvchiga taqdim etilgan boshqa Foydalanuvchilarning statusi, debitor va kreditor qarzdorligi, qarzlar miqdori, shu jumladan, muddati o‘tgan va muddati oz qolgan qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik, internet va ijtimoiy tarmoqlarda har qanday shaklda tarqatmaslik;
-
4.1.18. Foydalanuvchi Tizimdan foydalanishi davomida Foydalanuvchining debitor va kreditor qarzdorliklari, muddati buzilgan qarzdorliklar, qarzlarning o‘z vaqtida qaytarilishi yoki umuman qaytarilmasligi va boshqa holatlarni hisobga olgan holda Tizim tomonidan shakllantiriladigan Foydalanuvchining Status ko‘rsatkichini tan olish.
4.2. Jamiyatning majburiyatlari
-
4.2.1. Foydalanuvchilar o‘rtasidagi qarz munosabatlari bo‘yicha qarz shartnomalari va ilova hujjatlarning elektron shaklini rasmiylashtirish va saqlash;
-
4.2.2. Foydalanuvchining Tizim funksiyalaridan foydalanishi jarayonida tegishli amaliyotlarning bajarilishini ta’minlash;
-
4.2.3. Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan Foydalanuvchilarning shaxsiy va qarz munosabatlari bo‘yicha ma’lumotlarning kafolatli saqlanishini, shuningdek, Tizimning uzluksiz onlayn rejimda ishlashini ta’minlash;
-
4.2.4. Qarz shartnomalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlarning elektron tasdiqlangan shaklini Foydalanuvchilar tomonidan Tizim orqali yuklab olish imkoniyatini ta’minlash;
-
4.2.5. Tizim orqali qarz shartnomalari va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida hamda boshqa hollarda Foydalanuvchiga boshqa Foydalanuvchilarning statusi, debitor va kreditor qarzdorligi, qarzlar miqdori, shu jumladan, muddati o‘tgan va muddati oz qolgan qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligi asosida taqdim qilish (bunda Tizim tomonidan Foydalanuvchiga Foydalanuvchilarning faqat debitor va kreditor qarzdorligi, muddati o‘tgan va muddati oz qolgan qarzdorliklarining umumiy summasi taqdim etiladi, qarzdorliklar qaysi Foydalanuvchilar o‘rtasida rasmiylashtirilganligi hamda umumiy qarz summalarining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinmaydi);
-
4.2.6. Tizim operatsiyalari va Ofertaning 4.2.9-bandidan tashqari hollarda Foydalanuvchi shaxsiga oid shaxsiy ma’lumotlarni boshqa foydalanuvchilar va shaxslarga oshkor qilmaslik;
-
4.2.7. Foydalanuvchi mobil hisobi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlash;
-
4.2.8. Foydalanuvchi Tizim orqali o‘z mobil hisobi holati va aylanalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishini ta’minlash;
-
4.2.9. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga ularning talabiga binoan Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda taqdim qilish;
-
4.2.10. Foydalanuvchi nomidan Tizimdan uning telefon raqami, paroli va PIN-kodi orqali boshqa shaxslar foydalangan taqdirda Jamiyat hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmaydi. Bunday vaziyatda Foydalanuvchining shaxsiy kabineti va ma’lumotlarida yuzaga kelgan har qanday holat bo‘yicha Ofertaning 4.1-bandiga asosan Foydalanuvchining o‘zi javobgar hisoblanadi.
5. Taraflarning huquqlari
5.1. Foydalanuvchining huquqlari
-
5.1.1. Tizim orqali o‘zining qarz munosabatlarini erkin boshqarish;
-
5.1.2. Tizim orqali rasmiylashtirilgan Foydalanuvchiga tegishli qarz shartnomalari va ilova hujjatlarning Taraflar tomonidan elektron tarzda tasdiqlangan nusxasini yuklab olish;
-
5.1.3. Tizimdan foydalanish davomida Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan boshqa Foydalanuvchilarning statusi, debitor va kredit qarzdorliklari miqdori hamda muddati o‘tgan va muddati oz qolgan qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ofertaning 4.2.5-bandiga muvofiq olish;
-
5.1.4. Mobil hisobni xohlagan miqdorda to‘ldirish va boshqa Foydalanuvchilarning mobil hisobiga pul mablag‘larini o‘tkazish;
-
5.1.5. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 110-moddasi tartibida Taraflarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra Tizimda shakllantirilgan qarz shartnomalari va ilova hujjatlarini notarial tasdiqlatish;
-
5.1.6. Nizoli vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda Tizim orqali rasmiylashtirilgan qarz shartnomalari va ilova hujjatlar orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga murojaat qilish.
5.2. Jamiyatning huquqlari
-
5.2.1. Tizimga Foydalanuvchilar tomonidan kiritilgan ma’lumotlar hamda ular tomonidan amalga oshirilgan qarz munosabatlari yuzasidan shakllantirilgan ma’lumotlardan shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligini saqlagan holda foydalanish;
-
5.2.2. Zarur hollarda Foydalanuvchini identifikatsiya qilish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjati bilan Jamiyatga kelishini talab qilish, identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda ushbu Oferta bo‘yicha operatsiyalarni bajarishni rad etish;
-
5.2.3. Zarur hollarda Tizimdagi barcha amaliyotlarga bir tomonlama cheklov va limitlar o‘rnatish;
-
5.2.4. Texnik nosozliklar yuzaga kelganda va boshqa fors-major holatlarda Tizim faoliyatini qisman yoki butkul to‘xtatib turish;
-
5.2.5. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar hamda Tizim tomonidan aniqlangan shubhali holatlar bo‘yicha Foydalanuvchining Tizimdagi faoliyatini vaqtincha qisman yoki butkul to‘xtatib turish;
-
5.2.6. Foydalanuvchilarga Tizim xizmatlaridan foydalanilganlik uchun to‘lov sifatida Jamiyat ta’sischilari yig‘ilishi qarori asosida Komissiya (xizmat haqi) belgilash (yoki o‘zgartirish) va uni Foydalanuvchilarning mobil hisobidan undirish, shuningdek, mobil hisobida yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lmagan Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatish.
6. Taraflarning javobgarligi
-
6.1. Taraflar ushbu Oferta asosida o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganliklari uchun amaldagi qonunchilikka asosan javobgar bo‘ladilar;
-
6.2. Foydalanuvchi Tizim orqali amalga oshirgan faoliyati qonuniyligiga shaxsan javobgardir;
-
6.3. Foydalanuvchi tomonidan Tizimda amalga oshirilgan operatsiyalar va rasmiylashtirilgan hujjatlarning maqsadga muvofiqligi va to‘g‘riligi, shuningdek, qarz shartnomalari shartlarining qarz oluvchi yoki qarz beruvchi tomonidan bajarilishi uchun Jamiyat javobgar emas;
-
6.4. Foydalanuvchilar o‘rtasida naqd, naqdsiz va natura ko‘rinishdagi qarz oldi-berdi jarayoni Foydalanuvchilar tomonidan bevosita amalga oshiriladi. Jamiyat ushbu jarayonda faqatgina qarz shartnomasi va ilova hujjatlarni Tizimda elektron ravishda shakllantirish orqali ishtirok etadi;
-
6.5. Foydalanuvchi tomonidan o‘z mobil hisobidan boshqa Foydalanuvchilarning mobil hisobiga amalga oshiriladigan o‘tkazmalarning noto‘g‘ri yo‘naltirilganligi uchun Jamiyat javobgar emas;
-
6.6. Jamiyat o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar va Foydalanuvchi tomonidan belgilangan texnik sharoitlarga rioya qilinmasligi natijasida axborotlarni uzatish va qabul qilishdagi uzilishlar bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi;
-
6.7. Foydalanuvchi Tizimdan foydalanish uchun yaratilgan parol va PIN-kodning sir saqlanishi hamda ulardan uchinchi shaxslar foydalanmasligi bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ushbu talablarni bajarmaganligi oqibatida uchinchi shaxslarga Foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari, debitor-kreditor qarzdorliklari va mobil hisob raqamidagi pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lganligi uchun Foydalanuvchi shaxsan o‘zi javobgar;
-
6.8. Foydalanuvchining ehtiyotsizligi yoki loqaydligi oqibatida uchinchi shaxslarga Tizimga kirishda foydalaniladigan parol va PIN-kod oshkor bo‘lganida va natijada, uchinchi shaxslar tomonidan operatsiyalar amalga oshirilganda har qanday keltirilgan zarar uchun Foydalanuvchi shaxsan javobgardir.
7. Ommaviy ofertaning amal qilishi, o‘zgartirish va chaqirib olish tartibi
-
7.1. Ushbu Oferta uning 3.2-bandida kelishilgan tartibda aksept qilingan vaqtidan boshlab kuchga kiradi va Oferta Taraflardan biri tomonidan (bekor qilgan Taraf o‘z majburiyatini to‘la bajargandan so‘ng) yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinmaguncha haqiqiy hisoblanib amal qiladi;
-
7.2. Ushbu Ofertaga kiritiladigan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar elektron tarzda yoki yozma ravishda rasmiylashtirilib, tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi va haqiqiy hisoblanadi;
-
7.3. Ofertani istagan taraf bekor qilishi mumkin va bu haqda ikkinchi tarafni 10 (o‘n) kun oldin elektron yoki yozma ravishda ogohlantirishi kerak;
-
7.4. Jamiyat Foydalanuvchilarni ushbu Oferta shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida qo‘shimcha va/yoki o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilayotgan sanadan kamida 10 (o‘n) kun oldin Ofertada kelishilgan tartibda Foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda xabarnoma yuborish tartibiga rioya qilgan holda xabardor qiladi. Shuningdek, Foydalanuvchi tomonidan yangi Ommaviy oferta aksept qilinishi ta'minlanadi;
-
7.5. Foydalanuvchi hech qanday ogohlantirishlarsiz Tizimdan foydalanishni to‘xtatgan taqdirda Foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tizimda doimiy saqlanadi va boshqa Foydalanuvchilar hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning so‘roviga asosan Ofertaning 4.2.5-bandiga muvofiq ularga taqdim etiladi. Bunda Jamiyat tomonidan Foydalanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar boshqa Foydalanuvchilarga oshkor qilinmasligi ta’minlanadi;
-
7.6. Oferta Foydalanuvchi tomonidan bir tomonlama bekor qilinganda yoki Oferta shartlari buzilganda Foydalanuvchi Tizimdan foydalanishi davomida boshqa Foydalanuvchilar bilan yuzaga kelgan shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lmaydi;
-
7.7. Jamiyat texnik, tashkiliy, huquqiy yoki boshqa sabablar bo‘lsa, chaqirib olish sabablarini ko‘rsatgan holda Foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga chaqirib olish to‘g‘risida elektron xabarnoma yuborish orqali istalgan vaqtda ushbu Ofertani noma’lum muddatga chaqirib olish huquqiga ega. Oferta noma’lum muddatga chaqirib olinganda Foydalanuvchi Tizimdan foydalanishi davomida boshqa Foydalanuvchilar bilan yuzaga kelgan shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lmaydi;
-
7.8. Tizim faoliyati bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilganda, Tizimga qo‘shimcha imkoniyat va funksiyalar qo‘shilganda, fors-major va boshqa holatlarda Jamiyat tomonidan Foydalanuvchilar o‘rtasida ilgari elektron tarzda rasmiylashtirilgan Ofertalar bir tomonlama bekor qilinadi hamda Foydalanuvchilar bilan yangilangan va o‘zgartirishlar bilan to‘ldirilgan Ofertalar elektron tarzda qayta rasmiylashtiriladi. Ushbu holatda yangi Ofertalar eski Ofertalarning huquqiy vorisi hisoblanadi va Foydalanuvchi eski Oferta asosida boshqa Foydalanuvchilar bilan yuzaga kelgan shartnomaviy majburiyatlarini bajarishga majbur hisoblanadi;
-
7.9. Ushbu Oferta shartlariga Foydalanuvchining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan o‘zgartirishlarni Jamiyat tomonidan bir tomonlama kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Maxfiylik
-
8.1. Mazkur Ofertani tuzish va bajarish vaqtida Taraflar bir-biridan olgan barcha ma’lumotlar maxfiy axborotlar deb tan olinadi;
-
8.2. Taraflar Ofertani tuzish va Ofertadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish chog‘ida boshqa Tarafning tijorat siri hisoblangan maxfiy axborotlar va ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatini oladi;
-
8.2.1. Biroq Foydalanuvchining statusi, debitor va kreditor qarzdorliklarining, shuningdek, muddati o‘tgan qarzdorliklarning umumiy summasi (alohida-alohida) to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tizim tomonidan boshqa Foydalanuvchilarga uning roziligiga asosan mazkur Ofertaning 4.2.5 va 5.1.3-bandlariga muvofiq taqdim etiladi;
-
8.2.2. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga ularning talabiga binoan Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, Tizim orqali to‘plangan boshqa ma’lumotlar Foydalanuvchilarning roziligisiz qonunchilikda belgilangan tartibda Jamiyat tomonidan taqdim qilinishi mumkin;
-
8.3. Mazkur talablar noma’lum muddatga amal qiladi;
-
8.4. Ushbu talablarning buzilishi natijasida Taraflarga yetkazilgan zararni aniqlash va qoplash sud tartibida amalga oshiriladi.
9. Fors-major holatlari
-
9.1.Fors-major holatlari, ya’ni Taraflarning erki va istagidan tashqari vujudga kelgan xamda ularni oldindan ko‘ra bilish yoki bartaraf etish mumkin bo‘lmagan xolatlar (pul-kredit siyosatidagi denominasiya, yer qimirlashi, suv toshqini, yong‘in va shu kabi tabiiy ofatlar hamda boshqa holatlar) yuzaga kelgan taqdirda Taraflar ushbu holatlar bartaraf etilguniga qadar Oferta bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘ladilar. Jamiyat va Foydalanuvchi o‘rtadagi o‘zaro majburiyatlarni to‘liq bajarishdan ozod qilinishi uchun fors-major holatlari asos bo‘ladi. Biroq fors-major holatlari Foydalanuvchilar o‘rtasidagi qarz shartnomasi asosida yuzaga kelgan debitor-kreditor qarzdorliklari bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilishga asos bo‘lmaydi;
-
9.2. Fors-major holatlari yuzaga kelganligi yoki bartaraf etilganligi haqidagi xabarnomalar Taraflarda mavjud bo‘lgan barcha aloqa vositalari orqali yuborilishi mumkin.
10. Tizim xizmatlaridan foydalanganlik uchun hisob-kitob
-
10.1. Foydalanuvchi Tizimdan foydalanish jarayonida Jamiyatga Komissiya (xizmat haqi) to‘laydi. Tizimdan foydalanganlik uchun to‘lovlar, ularning miqdori va to‘lash tartibi Jamiyat ta’sischilari yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlangan Tariflarga asosan belgilanadi. Tizimga aloqador Tariflar Jamiyat tomonidan Tizimning www.zerox.uz internet sayti va mobil ilovasiga yuklanadi;
-
10.2. Hisob-kitob Foydalanuvchi tomonidan Tizim xizmatlaridan foydalanishi jarayonida, shuningdek, Foydalanuvchi parolni tiklashda “MyID” identifikatsiya tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tayotgan vaqtida Tizim tomonidan belgilangan tartibda Foydalanuvchining mobil hisobidan avtomatik ravishda yechib olish orqali amalga oshiriladi;
-
10.3. Foydalanuvchi mobil hisobida Tizim xizmatlaridan foydalanish uchun yetarlicha mablag‘ mavjud bo‘lmaganida Tizim tomonidan xizmatlar to‘liq ko‘rsatilmaydi.
11. Boshqa shartlar
-
11.1. Jamiyat va Foydalanuvchi o‘rtasidagi ushbu Ofertada nazarda tutilmagan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi;
-
11.2. O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi va “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq tarzda Foydalanuvchi ushbu bilan erkin tarzda, o‘z ixtiyori bilan va o‘z manfaatlari yo‘lida Jamiyatga Tizim doirasida o‘z majburiyatlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni va shaxsiy ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berishga o‘zining roziligini bildiradi;
-
11.3. Foydalanuvchi Tizim xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq reklama, tijorat va boshqa axborotni, shu jumladan Jamiyatning yangi xizmatlari va Jamiyat hamda uchinchi shaxslarning hamkorlikdagi xizmat va mahsulotlari to‘g‘risida Ofertada ko‘rsatilgan tartibda telefon raqamiga va shaxsiy kabinetiga xabarnomalar yuborish yo‘li bilan Jamiyatdan axborot olishga o‘z roziligini bildiradi;
-
11.4. Ushbu Ofertaning bandlaridan biri amaldagi qonunchilikka asosan noqonuniy va/yoki haqiqiy emas bo‘lib qolgan taqdirda, Ofertaning bunday bandlari Taraflar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda qo‘llanilmaydi va Ofertada mavjud bo‘lgan boshlang‘ich maqsadlarga javob beradigan yangi band bilan almashtiriladi. Ofertaning qolgan bandlari to‘liq kuchini va haqiqiyligini saqlab qoladi;
-
11.5. Ushbu Oferta ikki tilda – o‘zbek (lotin va kirill alifbosida) va rus tillarida tuziladi. Ofertaning matnlarida tafovut kelib chiqqanda, o‘zbek tilida tuzilgan Oferta yuqoriroq kuchga ega bo‘ladi.
12. Nizolarni hal qilish tartibi
-
12.1. Taraflar mazkur Ofertani bajarish vaqtida yuzaga kelgan kelishmovchilik yoki nizolarni muzokara yo‘li bilan hal etadilar;
-
12.2. Jamiyat Foydalanuvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli masalalarni hal etishga majbur emas;
-
12.3. O‘zaro kelishuv imkoniyati bo‘lmagan taqdirda huquqi buzilgan Taraf tomonidan elektron yoki yozma ravishda yuborilgan talabnoma yoki ogohlantirish xatiga ikkinchi Taraf mazkur talabnoma yoki ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan muddat ichida javob berishi lozim;
-
12.4. Tinch yo‘l bilan hal etilmagan nizoli masalalar O‘zbekiston Respublikasi Qonunchiligida belgilangan tartibda tegishli Sud organlariga murojaat qilish orqali hal etiladi.
13. Jamiyat manzili va rekvizitlari
Yuridik manzili:O‘zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tinchlik ko‘chasi, 6-uy.
Pochta manzili:O‘zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tinchlik ko‘chasi, 6-uy.
STIR: 309 053 853
18.07.2025 yil